Bavariya va Fransiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Vili Sanyol, Myunxen klubida ko‘rishni xohlagan fransuz futbolchisi haqida savolga javob berdi.
«Men Uorren Zayir-Emariga katta muxlisman. U «Bavariya» profiliga to‘g‘ri keladigan futbolchi. Zayir-Emari ajoyib xarakterga ega, juda mehnatkash va futbolchi sifatida to‘g‘ri yo‘nalishda rivojlanmoqda. Agar u «PSJ»ning zaxira o‘yinchisi bo‘lib qolsa, klubdan ketish haqida o‘ylay boshlashi mumkin. Biroq, uning narxi juda qimmat bo‘ladi», - dedi Sanyol Bild nashriga bergan intervyusida.
Uorren Zayir-Emarining «PSJ» bilan shartnomasi 2029-yil 30-iyungacha davom etadi. Transfermarkt portali yarim himoyachining qiymatini 80 million evro deb baholamoqda.




