Fransiya terma jamoasi va Myunxenning «Bavariya» jamoasining hujumchi yarim himoyachisi Maykl Olise Madridning «Real» klubining transfer ro'yxatida qolmoqda, deb xabar beradi ijtimoiy tarmoqlar orqali insayder Xose Feliks Dias.
Jurnalistga ma'lum bo'lishicha, «qirollik» klubi fransuz qanot o'yinchisini 2026-yilgi jahon chempionatidan so'ng qo'lga kiritishga harakat qiladi. Ushbu musobaqa 11-iyundan 19-iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada o'tkaziladi.
Transfermarkt portalining mutaxassislari Olise ning bozor qiymatini 150 million evroga baholamoqda. Uning «Bavariya» bilan tuzilgan amaldagi shartnomasi 2029-yilning iyun oyigacha davom etadi.




