«Barselona» moliyaviy resurslarini kengaytirish maqsadida kelajakdagi teleko'rsatuv huquqlaridan keladigan daromadlar evaziga 210 million yevro kredit oldi. Bu haqda Mundo Deportivo xabar bermoqda.

Ma'lumotlarga ko'ra, klub iyul oyida 105 million yevro, noyabrda esa yana 105 million yevro oladi. «Barselona» ushbu mablag'lar yordamida transfer bozorida yanada ishonchli faoliyat yuritishi va ish haqlarini to'lash majburiyatlarini bajarishi mumkinligini ta'kidlamoqda.

Mablag' olish zaruriyati Espai Barça loyihasining amalga oshirilishidagi kechikishlar bilan bog'liq. Muddatlarning o'zgarishi sababli, yangilangan stadiondagi VIP zonalardan keladigan daromadlar hali ham kelmayapti, garchi loyiha bilan bog'liq to'lovlar allaqachon amalga oshirilgan.

Xalqaro agentlik Morningstar DBRS «Barselona»ning kredit reytingini BBB darajasida tasdiqladi, ammo kutilayotgan qarz yukining oshishi sababli prognozni ijobiydan barqaror holatga o'zgartirdi.