Tanilgan insayder Fabrizio Romano Madridning Real klubi markaziy himoyachisi Raul Asenioning kelajagi haqida fikr bildirdi.

23 yoshli futbolchi so‘nggi paytlarda sog‘liq muammolari bilan kurashmoqda. Yaqinda ispaniyalik o‘yinchi to‘pig‘ini sindirib, operatsiya o‘tkazishga majbur bo‘ldi.

«Men 2027 yilda Asenioning holatiga e’tibor berishni tavsiya qilaman. Ehtimol, yozda uning atrofida ko‘plab transfer suhbatlari bo‘ladi», – deya ma’lum qildi Romano.

O‘tgan transfer oynasida ham o‘yinchining klubni tark etishi haqida mish-mishlar tarqalgandi, ammo ishonchli takliflar bo‘lmagan.

«O‘tgan yozda hech kim Real va Raul uchun maqbul bo‘lgan taklif bilan chiqmagan», – qo‘shimcha qildi ekspert.

Asenioning maydonga qaytishi kelasi yilning boshida rejalashtirilgan.