Dortmundning «Borussiya» klubi yunoniyalik yarim himoyachi Konstantinos Karetsasning belgiyalik «Genk»dan o‘tganini rasmiy ravishda e'lon qildi. 18 yoshli futbolchi nemis klubi bilan 2031 yil 30 iyungacha shartnoma imzoladi.

Transfermarkt ma'lumotlariga ko‘ra, uning transferi 30 million evroga tushdi. Karetsas Yevropaning eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri hisoblanadi. O‘tgan mavsumda Belgiyaning chempionatida 34 ta o‘yinda maydonga tushib, 11 ta golli uzatma berdi. Yevropa ligasida yarim himoyachi «Genk»ni 1/8 finalgacha olib borishda 11 uchrashuvda 2 ta gol urib, 5 ta golli uzatma berdi.

Dortmund klubining sport direktori Ole Buk yangi o‘yinchini jamoani o‘zining ijodkorligi, o‘yin intellekti va cheklangan joyda yechim topish qobiliyati bilan kuchaytirishini ta'kidladi, ayniqsa, maydonning oxirgi uchdan birida.

O‘z navbatida, Karetsas «Borussiya»da o‘ynash imkoniyatidan faxrlanayotganini aytdi.

«Borussiya» o‘ziga xos klub va men endi qora-sariq futbolkani kiyish imkoniyatiga ega bo‘lganimdan juda faxrlanaman. Jamoa hamkorlarim bilan tanishishni va ushbu ajoyib stadionda, muxlislarimiz oldida birinchi o‘yinlarimni kutyapman», - dedi futbolchi.

Gretsiya terma jamoasi safida Karetsas 2025 yil martida debyut qildi. O‘shandan beri u 10 ta o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 1 ta golli uzatma berdi.