Saudiya Arabistonining «Al-Hilal» klubi «Bavariya»ning qanot o'yinchisi Luis Diasni sotib olishni xohlaydi va kolumbiyalik futbolchi uchun katta taklif tayyorlamoqda. Bu haqda Goal.com xabar bermoqda.

Saudiya klubi avval futbolchi bilan kelishuvga erishmoqchi, unga yillik 25 million evro atrofida maosh taklif etadi. Shundan so'ng «Al-Hilal» «Bavariya» bilan muzokaralarni boshlaydi. Transfer summasi 100-130 million evro atrofida bo'lishi kutilmoqda.

Agar bitim muvaffaqiyatli yakunlansa, Dias Saudiya chempionatining tarixidagi eng qimmat xaridga aylanadi. Hozirgi rekord braziliyalik Neymarga tegishli bo'lib, 2023 yilda «Al-Hilal» uning uchun «PSJ»ga taxminan 90 million evro to'lagan.

Shuningdek, «Al-Hilal»ning transfer byudjeti 300 million evro ekanligi ma'lum, shuning uchun Diasni sotib olish klubning yagona yirik xaridi bo'lmasligi mumkin.