Londonning «Arsenal» klubi yarim himoyachi Deklan Rays bilan shartnomani uzaytirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.

Topskills Sports UK ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin kunlarda London jamoasi futbolchi bilan yangi uzoq muddatli kelishuv bo‘yicha muzokaralarni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu qaror «Bavariya» klubining Raysga bo‘lgan qiziqishini kamaytirish maqsadida qabul qilingan.

«Arsenal» rahbariyati allaqachon futbolchining agentlari bilan bog‘lanib, o‘z niyatlari haqida xabar bergan. Agentlar va futbolchi klubning taklifiga ijobiy munosabat bildirishgan.

Deklan Rays 2023 yilda «Vest Hem» klubidan «Arsenal»ga o‘tgan va transfer summasi 116 million yevroni tashkil qilgan. Uning amaldagi shartnomasi 2028 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan.

Joriy mavsumda yarim himoyachi barcha musobaqalarda London jamoasi safida 38 ta o‘yin o‘tkazib, to‘rtta gol urgan va o‘nta samarali uzatma amalga oshirgan. Klub va futbolchi o‘rtasidagi kelishuvning yangilanishi «Arsenal»ning kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.