Hujumchi «Manchester Yunayted» Joshua Zirkzee Italiyaga qaytishi mumkin. «Fiorentina» 25 yoshli niderlandiyalik futbolchini bir mavsumga ijaraga olish bo'yicha ingliz klubi bilan muzokaralarni faollashtirdi, deb xabar beradi Goal.com.

Tomonlar ijaraga berish shartlari va mavsum oxirida futbolchini sotib olish opsiyasini muhokama qilmoqda. Hujumchiga boshqa Serie A klublari, jumladan «Yuventus» va «Komo» ham qiziqish bildirmoqda.

«Manchester Yunayted» niderlandiyalikni qulay moliyaviy shartlarda yuborishga tayyor. Inglizlar 2024 yilda Zirkzeeni «Bolonya»dan o'tkazish uchun taxminan 43 million evro to'lagan.

Zirkzee «Manchester Yunayted» safida barcha musobaqalarda 75 o'yin o'tkazdi va 9 gol urdi. O'tgan mavsumda u 26 uchrashuvda faqat ikki marta to'p kiritdi.