«Chelsi» «Atalanta» himoyachisi Jorjio Skalvini bilan jiddiy qiziqish bildirmoqda. Goal.com ma'lumotlariga ko'ra, Londondagi klub 22 yoshli Italiya terma jamoasi futbolchisining vakillari bilan bog'lanib, mumkin bo'lgan transfer shartlarini bilib olgan.

Manbaning ma'lum qilishicha, «Atalanta» o'z tarbiyalanuvchisini taxminan 48,7 million evroga baholamoqda va bu summadan pastroq takliflarni ko'rib chiqishga niyati yo'q. O'tgan mavsumda himoyachi 30 ta o'yinda ishtirok etib, 3 ta gol urdi va 1 ta golli uzatma berdi. Shuningdek, u 2 ta ogohlantirish va 1 ta qizil kartochka oldi.

«Chelsi» Skalvini uchun yagona da'vogar emas. O'yinchining atrofidagi odamlar bilan aloqalarni «Nyukasl» ham o'rnatgan, shuningdek, vaziyatni «Tottenxem» ham diqqat bilan kuzatmoqda.