Avvalgi «Liverpool» kapitanlaridan Stiven Jerrard o'zining Yurgen Klopp boshqaruvida yana bir yil o'ynashga tayyor ekanligini aytdi.
Afsonaviy yarim himoyachi «qizillar» safini 2015-yil yozida tark etib, «Los-Anjeles Galaxy»ga o'tdi. Kuzda Brendan Rodjers ishdan bo'shatilib, o'rniga Klopp tayinlandi va klubda katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
«Men Klopp ostida o'ynash uchun ko'p narsani qurbon qilardim. Menga yana bir yil qolish taklif qilingan edi, lekin murabbiylar shtabi bilan suhbatda men o'ynashim ancha kamayishi, zaxira o'yinchisi bo'lishim kerakligini eshitdim. Agar men Yurgen jamoaga kelishini bilganimda, risk qilib qolardim va uni hayratda qoldirib, asosiy tarkibga kirishga harakat qilardim», – dedi 46 yoshli ingliz TNT Sports bilan suhbatda.
Bir yarim yildan so'ng Stiven Jerrard futbolni tark etib, murabbiylik faoliyatini boshladi.
