Turinning "Yuventus" jamoasining yangi bosh murabbiyi Luciano Spalletti serbiyalik hujumchi Dushan Vlahovichning jamoadagi kelajagi haqida fikr bildirdi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.

Murabbiy Vlahovich bilan suhbatlashganini aytib, futbolchining jamoada qolishni istashini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Dushan shartnoma masalasida xavotirda emas, uning asosiy maqsadi maydonda o‘ynashdir.

Hozirgi vaqtda serbiyalik hujumchining Turin klubi bilan amaldagi shartnomasi kelasi yil yozda yakunlanadi. Joriy mavsumda Italiya A Seriyasida 25 yoshli futbolchi o‘nta o‘yinda maydonga tushib, uchta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Spalletti jamoa uchun uning o‘rni muhim ekanligini ta’kidladi va kelgusida ham uning faoliyatini davom ettirishga umid bildirdi. Shu bilan birga, murabbiy jamoa tarkibini yanada kuchaytirish va natijalarni yaxshilash ustida ishlashda davom etishini ma’lum qildi.