«Barselona» jamoasining yarimhimoyachisi Pedri yaqin kunlardagi o‘yinlarda maydonga tusha olmaydi. Bu haqda Euro-football.ru xabar berdi.

22 yoshli futbolchi Madridning «Real» jamoasiga qarshi o‘tgan bahsda jarohat oldi. Dastlab uning tezda sog‘ayishi kutilgan bo‘lsa-da, jarohat jiddiy ekani ma’lum bo‘ldi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kataloniyaliklar futbolchining 6 dekabr kuni o‘tkaziladigan «Betis»ga qarshi o‘yinda maydonga qaytishini kutmoqdalar. 9 noyabr kuni «Barselona» safarda «Selta» jamoasi bilan o‘ynaydi.

Hozirgi vaqtda Ispaniya chempionati – La Ligada amaldagi chempionlar ikkinchi o‘rinda bormoqda va yetakchi «Real»dan besh ochko orqada turibdi. Jamoa keyingi o‘yinlarda g‘alaba qozonib, mavsumdagi o‘z o‘rnini yaxshilashni maqsad qilgan.