«Sporting» o'zining forvardi Luis Suaresni «Barselona»ning qiziqishi fonida sotishga tayyor emas.
Bu haqda taniqli jurnalist Fabrizio Romano xabar berdi. Avvalroq, katalon klub 28 yoshli kolumbiyalikni transfer ro'yxatiga kiritganligi ma'lum bo'lgan. Suares «ko'k-qizillar» tomonidan «Atletiko» forvardi Julian Alvarezga muqobil sifatida ko'rilmoqda. Biroq «Sporting» Suaresni asosiy o'yinchilaridan biri deb hisoblaydi va uni yozda qo'yib yuborishni rejalashtirmaydi.
Romano ma'lumotlariga ko'ra, iyun oyidan beri lissabonliklar barcha qiziqqan klublarga forvardning shartnomasida 80 million evro miqdorida tovon puli belgilanganligini xabar qilmoqda.
Oldinroq, «Barselona» murabbiyi Hans-Diter Flick rahbariyatdan «Atletiko»dan Julian Alvarezni qo'shib olish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishni so'ragan edi.
