Himoyachi «Strasburg» Gela Due nemis Bundesligasida karerasini davom ettirish imkoniyatiga ega. Ijtimoiy tarmoqlar orqali jurnalist Fabrizio Romano xabar berishicha, 23 yoshli futbolchini Leverkuzendagi «Bayer» sotib olmoqchi.

«Bayer» fransuz tomoni bilan muzokaralar olib borgan va himoyachining transferini kelishib olgan. Bitimning umumiy summasi bonuslar bilan birga 37,5 million evroni tashkil etadi.

Gela  PSJ yarimhimoyachisi Dezire Duening akasidir. U 2024 yildan beri «Strasburg»da o'ynaydi. O'tgan mavsumda himoyachi 34 ta o'yinda qatnashib, 2 ta gol urdi va 7 ta assist berdi.