«Galatasaray» yarimhimoyachisi Gabrie'l Sara o'z karerasini Yevropaning elit chempionatlaridan birida davom ettirishi mumkin.

fussball-news.de ma'lumotlariga ko'ra, 27 yoshli braziliyalik futbolchiga Angliya Premer Ligasi vakillari, jumladan, «Nyukasl», «Everton», «Aston Villa» va «Brayton» qiziqish bildirmoqda. Birinchi ikkita klub Saraga 30-35 million evro atrofida taklif tayyorlamoqda.

Manbaning ma'lumotlariga ko'ra, braziliyalik futbolchini italiyaning Seriya A vakillari ham kuzatmoqda. Biroq, «Galatasaray» o'z futbolchisini 40 million evrodan arzonroq narxda qo'yib yubormoqchi emas, lekin 35 million evrodan kam bo'lmagan taklif olgan taqdirda muzokaralarga kirishishi mumkin.

Ushbu mavsumda Sara barcha musobaqalarda 13 o'yin o'tkazdi, 2 ta gol urdi va 5 ta golli uzatma berdi.