«Inter» Xakan Chalxanog'lu bilan shartnomani uzaytirishni rejalashtirmoqda, ammo tomonlar shoshilmayapti. Goal portali Tuttosportga tayanib xabar berishicha, muzokaralar jarayonida Chalxanog'luning tez-tez mushak jarohatlari masalasi ko'tarilgan. Keyingi muzokaralarda «nerazzurri» hozirgi 6,5 million evro yillik «sof» maoshdan pastroq bo'lgan shartnoma taklif qiladi. Milan klubi shartnomani «1+1» sxemasi bo'yicha yoki oddiy ikki yilga taklif etishi mumkin.

Hozirgi mehnat shartnomasi Xakan Chalxanog'luni «Inter» bilan 2026/2027 mavsumi oxirigacha bog'laydi. Yarim himoyachi milanliklar safida 216 o'yin o'ynab, 52 gol urdi va 39 assist berdi.