Hujumchi «Milan»dan Rafael Leau italiyaning ushbu klubidan ketishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarga izoh berdi. So‘nggi paytlarda unga Turkiyadan qiziqishlar bo‘layotgan edi.
«Mening yagona fikrim - maydon. Men har bir o‘yinda va har bir mashg‘ulotda maksimal darajada ishlashga e’tibor qaratyapman», - deb aytgan futbolchini Goal portali keltiradi.
«Har qanday spekulyatsiyalar va noaniq xabarlardan qochish uchun yana bir bor ta’kidlayman: barcha ishlarim bilan bir necha vaqtdan beri faqat mening oilam va advokatlarim shug‘ullanmoqda. Mening nomimdan chiqish uchun hech kimga vakolat berilmagan. E’tiborim kelgusi maqsadlarga qaratilgan», - qo‘shimcha qildi.
«Milan» 27 yoshli futbolchi bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor, ammo Leau o‘z bayonoti bilan kelajagi atrofida spekulyatsiyalarni xohlamasligini va jamoa uchun o‘ynashga diqqat qaratayotganini bildirdi.
