«Real» o'zining rasmiy saytida futbolchi ketishini e'lon qildi. Madrid klubi va yarim himoyachi Dani Sebalyos o'zaro kelishuv asosida hamkorlikni to'xtatdi.

Sebalyos 2017 yildan beri «Real»ni himoya qildi, ammo 2019-2021 yillarda «Arsenal»da ijarada o'ynadi. Madrid jamoasi safida Dani 215 ta rasmiy o'yin o'tkazib, 7 ta gol va 16 ta gol uzatmasini amalga oshirdi.

«Real» Sebalyosga o'yinlari uchun rahmat aytib, kelajakda unga va uning yaqinlariga eng yaxshi tilaklar bildirdi.

Endi 29 yoshli Dani Sebalyos yangi jamoa tanlash imkoniyatiga ega. Avvalroq Sebalyosning «Betis»ga qaytishi haqida ma'lumotlar paydo bo'lgan edi.