«Barselona» «Real»ga qarshi o‘tkaziladigan o‘yinda chiptalar savdosidan olinadigan daromad rekordini yangilashni rejalashtirmoqda. SPORT ma'lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni «El-Klasiko» o‘yini uchun «Kamp Nou»da ozgina joy qolgan.

Chiptalar 29 sentyabrda sotuvga chiqarildi. Dastlab eng arzon chiptalar 299 evrodan 640 evrogacha narxlarda bo‘lgandi. Qolgan standart joylar narxi 1249 evrogacha, markaziy tribuna uchun esa 2099 evrogacha oshdi. VIP-paketlar narxi 2400 evrodan 8000 evrogacha.

O‘tgan mavsum 10 mayda «Barselona» «Real»ga qarshi uy o‘yini chiptalaridan 16,4 million evro daromad olgan edi. Endi bu ko‘rsatkich yangilanishi mumkin – hatto stadion davom etayotgan rekonstruktsiya sababli to‘liq band bo‘lmasa ham.