Londondagi «Arsenal» rahbariyati muhim futbolchilar bilan shartnomalarni uzaytirish bo'yicha faol muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda TEAMtalk xabar bermoqda.
Manbaning ma'lumotiga ko'ra, «kanonirlar» bir necha oydan beri Deklan Rays, Martin Odegaard va Yurriyen Timbers bilan muloqot qilmoqda. Hozircha shartnomalar imzolanmagan, lekin klub bu masalani noyabr oyidagi xalqaro tanaffusgacha hal etishni rejalashtirmoqda. Barcha futbolchilar bilan faqat oxirgi tafsilotlarni kelishish qolgan.
Olti turdan so'ng «Arsenal» Angliya Premer-ligasida ikkinchi o'rinda turibdi, hisobida 15 ochko bor. Yetakchi «Manchester Siti» bilan farq uch ochkoni tashkil etmoqda.
