Angliya terma jamoasining yarimhimoyachisi Deklan Rays «Arsenal» bilan yangi uzoq muddatli shartnoma imzolashga yaqin. Bu haqda BBC Sport xabar bermoqda.

27 yoshli futbolchi 2023 yilda «Vest Xem»dan o‘tganidan so‘ng jamoaning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylandi. Hozirgi shartnomasi kelasi mavsum oxirigacha amal qiladi va uzaytirish bo‘yicha muzokaralar allaqachon ilg‘or bosqichda.

Rays «Arsenal»da 150 dan ortiq asosiy tarkibda o‘yin o‘tkazdi. Angliya terma jamoasi bosh murabbiyi Tomas Tuxel bu hafta uni Yevropaning eng yaxshi yarimhimoyachilaridan biri deb atadi.

Manbaning ma'lumotlariga ko‘ra, shartnoma uzaytirilgandan so‘ng Raysning maoshi sezilarli darajada oshadi. Hozirda u haftasiga taxminan 277 ming evro oladi, yangi maosh esa «Arsenal»ning eng ko‘p maosh oladigan o‘yinchisi Bukayo Sakaning haftasiga 404 ming evro olishi bilan teng bo‘ladi.

Muzokaralar haqidagi xabar «Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Artetaga yangi to‘rt yillik shartnoma e'lon qilinganidan bir kun o‘tib paydo bo‘ldi.