28 yoshli hujumchi Vladislav Sarveli Moskvadagi «Lokomotiv»ni tark etdi. Bu haqda «temir yo'lchilar»ning rasmiy Telegram-kanali xabar berdi.
Tomonlar iyun oyida muddati tugaydigan mehnat shartnomasini uzaytirmaslikka qaror qilgani aytilmoqda.
— Vladni jamoada o'tkazgan yillari va umumiy g'alabalarga qo'shgan hissasi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Kelajakdagi karerasida omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz, — deya klubning bayonotida aytilgan.
Sarveli 2023 yildan beri «Lokomotiv»da o'ynagan. Shu vaqt ichida u 65 uchrashuvda maydonga tushib, yetti gol urdi va to'qqiz assist qayd etdi.
Sarvelining bozor qiymati, Transfermarkt portaliga ko'ra, 700 ming evroni tashkil etadi.




